Asl eʼlonni ingliz tilida oʻqish
Guruhli video chaqiruvlarga qoʻshimcha ravishda ushbu yangilanish animatsiyali fonlar va xabarlarni yuborish animatsiyalari, shuningdek, yangi botlar uchun menyu tugmasi, stikerlarni import qilishning yangi usullari, hisobingizni xavfsiz saqlash uchun eslatmalar va boshqalarni taqdim etadi.
Chatlar uchun animatsiyali fonlarni kutib oling – xabar almashinuv ilovasida birinchi marta! Bunda bir nechta rangli gradiyent fonlar algoritmik hosil qilinadi va har safar xabar yuborganingizda chiroyli harakatlanadi.
Dizaynerlarimiz ushbu ravon, energiya tejamkor animatsiyalarni barcha birlamchi mavzularga qoʻshdi.
Sozlamalarda yana boshqa animatsiyali fonlarni topishingiz mumkin. Android: Chat sozlamalari > Fonni oʻzgartirish. iOS: Koʻrinish > Chat foni.
Birlamchi variantlar yetarli boʻlmagan taqdirda oʻz animatsiyali fonlaringizni yaratish juda oson. Animatsiya qulfini ochish uchun uchta yoki toʻrtta rang tanlang, keyin qoʻshimcha uslub uchun ixtiyoriy naqsh qoʻshing.
Tayyor boʻlgach, animatsiyali fon rasmlaringizni tanishlar va oilangizni xabarlashish taassurotining yangi darajasiga koʻtarish uchun ularga ulashing.
Stikerlar va emojilar endi batareyangizga taʼsir qilmaydigan yengil animatsiyalar bilan klaviaturangizdan chatga ravon oʻtadi.
iOS qurilmasida bu biriktirmalar panelidan siz yuboradigan multimediaga va hatto matnli xabarlarga ham tatbiq etiladi. Siz kiritgan matn chatga tomon uchganida ravon xabar pufakchasiga aylanadi.
iOS qurilmasida endi fonlar interfeysga zamonaviy koʻrinish bergan holda chatlardagi yuqori va pastki kolontitul orqali qisman koʻrinadi.
Klassik koʻk va qora versiyalariga qoʻshimcha ravishda Sozlamalar > Koʻrinish ruknida ikkita yangi gradiyent ilova ikonkalarini tanlash mumkin:
Biz iOS qurilmasida Sozlamalar menyusining quyi qismida Telegram Tips kanalini ochuvchi Telegram funksiyalari tugmasini ham qoʻshdik. Maslahatlar 10 ta tilda, jumladan, yangi qoʻshilgan turkcha versiyada mavjud.
Bir xil tugmalar allaqachon Android versiyasida mavjud, uni yon menyudan topishingiz mumkin.
Hisobingizga har doim kira olishingizni taʼminlash uchun Telegram telefon raqamingizni dolzarb holda saqlash muhim. Agar telefon raqamingiz oʻzgargan boʻlsa, uni iOS qurilmasida Sozlamalardagi bevosita yangi eslatmadan tezda yangilashingiz mumkin.
[Kichik rasm: Telefon raqamini oʻzgartirish eslatmasi]
Android foydalanuvchilari ushbu eslatmalarni keyingi yangilanishda oladi, ular hozircha telefon raqamini shunchaki sozlamalarda uning ustiga bosish orqali yangilashi mumkin.
Barcha platformadagi foydalanuvchilar har safar ikki bosqichli tekshiruv sozlamalari oʻzgartirilganida Telegramdan bildirishnoma oladi.
Telegramdagi ikki bosqichli tekshiruv sizga har doim hisobingizga kirganingizda kiritishingiz kerak boʻladigan qoʻshimcha parol oʻrnatish imkonini beradi.
Botlar bilan muloqot qilish soddalashdi: maxsus menyu orqali buyruqlarni koʻrish va yuborish mumkin. Bundan tashqari, endi bot tuzuvchilari kiritish maydonchasida nima yozilishi talab qilinishi tushunarliroq boʻlishi uchun buyruq uchun ishoralarni tanlashi mumkin.
Botlar dasturchilari endi foydalanuvchining interfeys tili va chat turi asosida oʻzgaradigan, shuningdek, faqat muayyan chatlar yoki administratorlar uchun chiqadigan buyruqlarni yaratishi mumkin.
Tafsilotlar Bot API hujjatlarida mavjud.
@stickers boti sizga yangi stikerlar toʻplamini yaratishda, shuningdek, stikerlaringiz uchun foydalanish statistikasini olishda yordam berishi mumkin.
Bugun uchinchi tomon dasturchilariga odamlarga yangi maxsus unikal stikerlarni yaratishda va yaratgan stikerlarini bitta bosish bilan Telegramga import qilishda yordam beradigan ilovalarni yaratish uchun vositalarni taqdim etmoqdamiz.
Agar siz foydalanuvchilarga Telegramda stikerlarini nashr qilishda yordam beradigan ilovalar yaratishga qiziquvchi dasturchi boʻlsangiz, Stikerlarni import qilish qoʻllanmamiz bilan tanishing.
Unutmang, agar shunchaki Telegram foydalanuvchilari siz yaratgan stikerlarni oʻrnatishini xohlasangiz, sizga hech qanday ilova kerak emas! Shunchaki botimiz yordamida stikerlarni yuklang, keyin boshqalarga toʻplamingizga havolani ulashing.
Biz yangi animatsiyali emojilarni qoʻshishda davom etamiz. Har doimgidek, emojining animatsiyali versiyasini koʻrish uchun quyidagi emojilardan birini alohida xabarda yuboring:
Hozircha shular, yangi funksiyalarni amalda sinab koʻrishni taklif qilamiz. Biz esa boshqa uzoq kutilgan yangiliklar va syurprizlar ustida ishlashda davom etamiz. Kuzatib boring.
2021-yil, 25-iyun
Telegram jamoasi